"Kutubxonada bir kun": ilm va madaniyat maskaniga sayohat

2025-yil 10-iyun kuni Mirzo Ulugʻbek tuman axborot-kutubxona markazida "Kutubxonada bir kun" nomli ekskursiya tashkil etildi. Ushbu tadbirda Oʻzbekiston Davlat sanʼat va madaniyat instituti sirtqi boʻlimining talabalari ishtirok etishdi.

Ekskursiyaning asosiy maqsadi – yoshlarda kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, ularni axborot resurslari bilan yaqindan tanishtirish va kutubxona faoliyatining zamonaviy yoʻnalishlari haqida tushuncha berishdan iborat boʻldi. Talabalar kutubxona bo‘limlarini kezib chiqib, bu yerda mavjud adabiyotlar, elektron axborot tizimi, hamda kitob fondi bilan yaqindan tanishdilar.

Ekskursiya davomida kutubxona xodimlari tomonidan interaktiv suhbatlar, kitob koʻrgazmalari va kutubxona xizmatlari haqida batafsil maʼlumotlar taqdim etildi. Talabalar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar, kutubxonadagi imkoniyatlardan foydalanish tartibi bilan tanishdilar.

Mazkur ekskursiya talabalarda katta taassurot qoldirdi. Ular kutubxona nafaqat ilm o‘chog‘i, balki ijodiy fikr va tafakkur markazi ekanini yana bir bor his etdilar. Bu kabi tashriflar yoshlarni kitobga, bilimga va madaniyatga bo‘lgan qiziqishini oshiradi.

Источник: 
Информационно- библиотечный центр