Marketing va tadbirkorlik-muvaffaqiyat sari eltuvchi ikki qanot

 Joriy yilning 16-iyul kuni Mirzo Ulugʻbek tuman axborot-kutubxona markazi tomonidan "Mustaqillikning 35 yilligi — Yangi Oʻzbekiston yoshlari nigohida" shiori ostida "Yosh tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash kuni" munosabati bilan "Marketing va tadbirkorlik-muvaffaqiyat sari eltuvchi ikki qanot" nomli davra suhbati tashkil etildi.

 Davra suhbatida Mirzo Ulugʻbek tumanida xususiy kutubxona tashkil etgan yosh tadbirkor Abbos Abduqodirov ishtirok etib, o‘zining tadbirkorlik faoliyati, erishgan tajribasi hamda yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida so‘z yuritdi. U ishtirokchilar bilan ochiq muloqot olib borib, ularni qiziqtirgan savollarga javob berdi va amaliy tavsiyalar bilan o‘rtoqlashdi.

 Tadbir davomida ishtirokchilarga tadbirkorlik, biznesni boshqarish, innovatsion g‘oyalarni amalga oshirish va moliyaviy savodxonlikka oid adabiyotlar hamda axborot-resurslar tanishtirildi.

 Tadbirkor tomonidan yoshlarni o‘z biznesini yo‘lga qo‘yishga undash, zamonaviy kasb-hunarlarni egallash, tashabbuskorlik va innovatsion fikrlashni rivojlantirish bo‘yicha tavsiyalar berildi. Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar hamda o‘zaro fikr almashdilar.

 Yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning tashabbuslarini rag‘batlantirish va iqtisodiy faolligini oshirish Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining muhim yo‘nalishlaridan biridir. Shu maqsadda axborot-kutubxona markazida yoshlarning bilim va ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar muntazam tashkil etib kelinmoqda.

Tadbir yakunida Mirzo Ulugʻbek tumanidagi davlat va xususiy kutubxonalar o‘rtasida hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida metodik yordam ko‘rsatish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, har ikki kutubxonaga metodik ko‘makni izchil davom ettirish va kelgusida hamkorlikdagi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni muntazam tashkil etish rejalashtirildi.
 

Источник: 
Информационно- библиотечный центр