2020 yil - Ilm-ma`rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili

2020-yil O'zbekistonda "Ilm-ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili" deb e'lon qilindi

 

Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisning Senati va Qonunchilik palatasiga navbatdagi Murojaatnomasida ilm-ma'rifat va texnologiyalar rivojiga alohida ahamiyat qaratdi.

«Sharq donishmandlari aytganidek, «Eng katta boylik – bu aql-zakovat va ilm, Eng katta meros – bu yaxshi tarbiya, Eng katta qashshoqlik – bu bilimsizlikdir!»

Shu sababli, hammamiz uchun zamonaviy bilimlarni o‘zlashtirish, chinakam ma'rifat va yuksak madaniyat egasi bo‘lish, uzluksiz hayotiy ehtiyojga aylanishi kerak.

Taraqqiyotga erishish uchun, raqamli bilimlar va zamonaviy axborot texnologiyalarini egallashimiz zarur va shart.

Bu bizga yuksalishning eng qisqa yo‘lidan borish imkoniyatini beradi. Zero, bugun dunyoda barcha sohalarga axborot texnologiyalari chuqur kirib bormoqda.

Yurtimiz «Xalqaro axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish indeksi» bo‘yicha 2019 yilda 8 pog‘onaga ko‘tarilgan bo‘lsa-da, hali judayam orqadamiz.

Aksariyat vazirlik va idoralar, korxonalar raqamli texnologiyalardan mutlaqo yiroq, desak, bu ham haqiqat.

Albatta, «raqamli iqtisodiyot»ni shakllantirish kerakli infratuzilma, ko‘p mablag‘ va mehnat resurslarini talab etishini juda yaxshi bilamiz.

Biroq, qanchalik qiyin bo‘lmasin, bu ishga bugun kirishmasak, qachon kirishamiz?! Ertaga juda kech bo‘ladi.

Shu bois, «Raqamli iqtisodiyot»ga faol o‘tish – kelgusi 5 yildagi eng ustuvor vazifalarimizdan biri bo‘ladi.

Raqamli texnologiyalar nafaqat mahsulot va xizmatlar sifatini oshiradi, ortiqcha xarajatlarni kamaytiradi.

Shu bilan birga, meni juda qattiq tashvishga soladigan va bezovta qiladigan eng og‘ir illat – korrupsiya balosini yo‘qotishda ham samarali vositadir.

Buni barchamiz teran anglab olishimiz darkor.

Davlat va jamiyat boshqaruvi, ijtimoiy sohada ham raqamli texnologiyalarni keng joriy etib, natijadorlikni oshirish, bir so‘z bilan aytganda, odamlar turmushini keskin yaxshilashi mumkin.

Mamlakatimizda ilm-fanni yanada ravnaq toptirish, yoshlarimizni chuqur bilim, yuksak ma'naviyat va madaniyat egasi etib tarbiyalash, raqobatbardosh iqtisodiyotni shakllantirish borasida boshlagan ishlarimizni jadal davom ettirish va yangi, zamonaviy bosqichga ko‘tarish maqsadida, men yurtimizda 2020 yilga “Ilm-ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”, deb nom berishni, taklif etaman», deydi prezident.

Davlat rahbarining taklifi qizg‘in qo‘llab-quvvatlandi.

“Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” Davlat dasturi tasdiqlandi

Bugun 2020-yil 2-mart kuni “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili“da amalga oshirishga oid Davlat dasturi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Prezidenti Farmoni imzolandi.

Bu yilgi davlat dasturi 284ta banddan iborat boʻlib, unda umumiy qiymati 18,2 trln. soʻm va 10,3 mlrd. AQSH dollariga teng loyihalar tasdiqlanmoqda.

Shulardan:

Davlat byudjeti va byudjetdan tashqari maqsadli fondlar hisobidan – 12,9 trln. soʻm;

Ijrochilar va banklar mablagʻlari hisobidan – 2 trln. soʻm;
Xalqaro moliya institutlari mablagʻlari va grantlar hisobidan 3,3 trln. soʻm va 10,3 mlrd. AQSH dollariga teng boʻlgan loyihalardir. 

Eslatib oʻtamiz, Davlat dasturi loyihasi 2020-yil 11-20-fevral kunlari jamoatchilik muhokamasi uchun 2020.strategy.uz va regulation.gov.uz veb-portallariga joylashtirilgan edi. Davlat dasturi loyihasi 320ta banddan iborat boʻlgan holda jamoatchilik muhokamasiga havola etilgandi. Uning doirasida jami qiymati 17,5 trln soʻm va 9,6 mlrd dollarga teng loyihalarni amalga oshirish koʻzda tutilgandi. 

“Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili“da amalga oshirishga oid Davlat dasturi toʻgʻrisida“gi Oʻzbekiston Prezidenti farmonida keltirilishicha, 2020-yil 1-apreldan Toshkentda doimiy propiskasiz uy sotib olish mumkin boʻladi:

koʻchmas mulk xarid qilishda Oʻzbekistan fuqarolari uchun ushbu hududlarda doimiy propiskaga ega boʻlish talabi va yangi qurilgan uylar boʻyicha oldi-sotdi shartnomalarini rasmiylashtirish uchun davlat bojining alohida stavkasi bekor qilinmoqda;
doimiy propiskaga qoʻyishda bir kishi uchun turar-joy maydonining ijtimoiy normasi qoidalariga rioya etish talabi belgilanmoqda (ushbu qoida qarindoshlarni doimiy propiskaga qoʻyishda tatbiq etilmaydi);
(ijtimoiy norma 1 kishi hisobiga — 16 kv.m.dan, kreslo-aravachada harakatlanadigan nogironlar uchun — 23 kv.m.dan kam boʻlmagan hajmda belgilangan. 

Davlat dasturiga koʻra, 2020-yil 1-apreldan 1995-yilgacha Oʻzbekistonga kelgan va shundan buyon doimiy istiqomat qilayotgan shaxslarga Oʻzbekiston fuqaroligini avtomatik tarzda berish amaliyoti joriy qilinmoqda.

Eslatib oʻtamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyev 24-yanvar kuni Oliy Majlisga Murojaatnomasida Vazirlar Mahkamasiga bu masalani Oliy Majlis Qonunchilik palatasi bilan hamkorlikda koʻrib chiqish haqida topshiriq bergan edi.

Shuningdek, dasturda 2020-yilda Qonunchilik palatasi va Senat faoliyatiga:

fuqarolar murojaatlari asosida Internet tarmogʻida parlament va deputat soʻrovlarini shakllantirish amaliyoti;
saylovchilar bilan bevosita muloqot qilish maqsadida elektron portal va mobil ilovadan foydalanish imkonini beruvchi “Elektron parlament” tizimini joriy etish belgilanmoqda. 

2020-yil 1-iyuldan boshlab Qonunchilik palatasi majlislarida:

davlat organlari va xoʻjalik boshqaruvi organlari rahbarlarining oʻz faoliyati boʻyicha;
hukumat aʼzolari va tarmoqlar rahbarlarining BMT Barqaror rivojlanish maqsadlarini bajarish, ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish boʻyicha olib borilayotgan ishlar toʻgʻrisidagi axborotini muntazam eshitish tartibi joriy qilinmoqda. 

2020-yil 1-mayga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oliy Majlisiga hisob beradigan korrupsiyaga qarshi kurashish buyicha mustaqil organni tuzish ishlari yakuniga yetkaziladi.

Bundan tashqari, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan:

“Raqamli Oʻzbekiston — 2030” dasturi loyihasi ishlab chiqiladi;
“Elektron hukumat” tizimi takomillashtiriladi;
mahalliy IT-texnologiyalari bozori salohiyati oshiriladi;
davlat maʼlumotlarini boshqarish tizimi yaratiladi. 

2020-yil 1-maydan faqat tomonlarning (prokurordan tashqari) murojaati boʻlganda prokurorning sud qarori qonuniy kuchga kirgan ishlarni suddan talab qilib olishi mumkinligi belgilanmoqda.

2020-yil 1-iyuldan boshlab:

“Mening fikrim” veb-portalining mobil ilovasini ishga tushirish va uning faoliyatida ochiqlikni taʼminlash;
murojaatlarni deputatlar, mutaxassislar va keng jamoatchilikni jalb qilgan holda OAVda muhokama qilish belgilanmoqda. 

2020-yil 1-avgustga qadar Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Mehnat vazirligi, Moliya vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga xalqaro tashkilotlar bilan birga Kambagʻallikni qisqartirish dasturi loyihasini ishlab chiqish vazifasi yuklanmoqda.

2020-yilda pensiyani hisoblash uchun mehnat stajini tasdiqlash va ish haqi miqdorini belgilashda arxiv maʼlumotlarini taqdim etmasdan:

2005-2016-yillar davri uchun jamgʻarilib boriladigan pensiya tizimiga majburiy badallar toʻgʻrisidagi maʼlumotlardan;
2016-2018-yillar davri uchun Pensiya jamgʻarmasiga oʻtkazilgan sugʻurta badallarini yakka tartibda hisobga olishning markazlashtirilgan elektron reyestri maʼlumotlaridan;
2019-yil uchun fuqarolar ish haqining yakka tartibdagi hisobini yuritishning markazlashtirilgan elektron reyestri maʼlumotlaridan foydalanish boʻyicha mexanizm joriy etiladi. 

2020-yildan paxta yetishtirish va majburiy sotish hajmini, uning narxini davlat tomonidan belgilash amaliyotini bekor qilish, gʻalla sotish parametrlarini 25 foizga kamaytirish belgilanmoqda.

2020-yil 1-iyunga kadar Adliya vazirligi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan FHDYO organlari faoliyatiga:

xizmatlardan masofadan turib va eksterritorial foydalanish;
videokonferensaloqa, “onlayn” navbat va pochta aloqasi xizmatlarini amalga oshirish imkonini beruvchi axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish boʻyicha takliflar kiritiladi. 

2020-yilda litsenziyalar va ruxsat beruvchi hujjatlarni kamida ikki baravar qisqartirish nazarda tutilmoqda.

2020-yil oxiriga qadar 6 yoshli bolalarni maktabga tayyorlash tizimini joriy qilgan holda maktabgacha taʼlim bilan qamrab olish darajasi 60 foizga yetkaziladi.

2020/2021 oʻquv yilidan oʻrta taʼlim maktablari oʻqituvchilarining yuklamasi maqbullashtiriladi va oliy taʼlim muassasalarida asosiy mutaxassislikka aloqasi boʻlmagan fanlar 2 baravar qisqartiriladi.

2020-yil 1-sentyabrdan maktablarda bolalarni elektron oʻqitish boʻyicha tajriba tariqasidagi axborot tizimlari (elektron darslik va kundaliklar) qogʻoz hujjatlarni bekor qilgan holda joriy etiladi.

2020/2021 oʻquv yilidan:

oliy taʼlim muassasalariga davlat granti asosida oʻqishga qabul qilish parametrlari bosqichma-bosqich ikki baravar oshiriladi (22 696 tadan 45 392 taga);
talabalarga oʻquv yili davomida teng ulushda kamida 4 marotaba oʻqish uchun pul toʻlash imkoniyati taqdim etiladi; 

Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Toshkent davlat pedagogika universiteti va Toshkent davlat yuridik universitetida tajriba tariqasida masofaviy oʻqitish shakli joriy etiladi.

2020-yil yakuniga qadar majburiy tibbiy sugʻurta tizimini joriy etishga tayyorgarlik yakuniga yetkaziladi va 2021-yilda ushbu tizim tajriba tariqasida Sirdaryo viloyatida ishga tushiriladi.

2020-yil 1-mayga qadar:

Oʻzini oʻzi band qilayotgan fuqarolarga vaqtinchalik mehnat guvohnomalari beriladigan faoliyat turlari qayta koʻrib chiqiladi;
mazkur jarayonlarni raqamlashtirish, “frilansing” (masofadan turib ishlash) imkoniyatlarini ommalashtirish boʻyicha “yoʻl xaritasi“ ishlab chiqiladi. 

Xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglikni taʼminlash hamda tashqi siyosat sohasida:

2020-yil 1-sentyabrga qadar xalqaro standartlarni inobatga olgan holda davlat siri deb hisoblangan maʼlumotlar roʻyxatini qayta koʻrib chiqish hamda uni maxfiylikdan chiqarish boʻyicha choralar koʻriladi;
2020-yil 1-sentyabrga qadar kiberxavfsizlikka doyr milliy strategiya va qonun loyihasi ishlab chiqiladi;
2020-yil 1-mayga kadar Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekistan Respublikasining milliy strategiyasi tayyorlanadi;
2020-yil 1-iyunga qadar Oʻzbekistan Respublikasi yagona axborot siyosati konsepsiyasi ishlab chiqiladi;
2020-yil iyul oyida — “Xalqaro doʻstlik kuni” munosabati bilan birinchi marta “Doʻstlik haftaligi” va “Doʻstlik” xalqaro forum-festivali oʻtkaziladi;
2020-yil may oyida — Inson huquqlari boʻyicha Osiyo forumi tashkillashtiriladi. 

“Xalqaro munozara klubi”ning tashkil etilishi nazarda tutilmoqda va quyidagilar uning asosiy vazifalari etib belgilanmoqda:

mahalliy va xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda, islohotlarni amalga oshirishning muhim masalalari boʻyicha jamoatchilik muhokamasini oʻtkazish hamda ommaviy axborot vositalarida keng yoritish;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati samaradorligini doimiy ravishda baholab borish tizimini yoʻlga qoʻyish maqsadida aholi va ekspertlar oʻrtasida soʻrovlar hamda oʻrganishlar oʻtkazib borish.