O‘ZBEKISTON METROLOGIYASI 100 YOSHDA

Qadim Buyuk ipak yo‘lida joylashgan yurtimizda metrologiya ya’ni o‘lchashlar borasidagi ilk qadamlar bundan roppa rosa 100 yil avval qo‘yilgan. Bu qadam o‘z vaqtining aniq o‘lchashlarini ta’minlab o‘lchashlar birxilligini belgilay boshlagan. 1924 yilda o‘lchashlar bo‘yicha yig‘ilishda 2 bayonnomaga asosan Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahrida amal qilish doirasi butun Turkiston Respublikasi bo‘lgan Savdo o‘lchov va tarozilarini Qiyoslash Palatkasi tashkil qilingan. Xuddi shu vaqtda birinchi standart va o‘lchash vositalari ustidan davlat nazorat laboratoriyasi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Keyinchalik Qiyoslash Palatkasi O‘rta Osiyo o‘lchov va tarozilar Palatasiga o‘zgartirilib, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston Respublikalarida metrologik xizmatlarning asoschisi bo‘lgan.

1924 yilga qadar yurtimiz bo‘ylab mintaqalarda turlicha o‘lchashlar turlicha o‘lchov vositalari bilan amalga oshirilgan. Yagona o‘lchash vositalari bo‘lmagan. Masalan mexaniklar fut va dyumlardan, temiryo‘lchilar sajn va sotiklardan, tayyor mahsulotlar og‘irligini o‘lchashda pud og‘irligiga teng gir va yuklar, funtlardan, qayerlardadir tonna va kilogrammga teng yuklardan, savdoda “Shoin” deb nomlanuvchi yog‘ochdan yasalgan tarozilarda yuk o‘rniga oddiy toshlardan foydalanishgan. Bu kabi rang barang o‘lchashlar davvomida pud va funtlardagi o‘lchashlarni kilogrammga qayta o‘lchab qayta hisoblashlar moliyaviy munosabatlarda hisob kitoblarni murakkablashtirib chalkashligiga olib kelgan. Natijada shu davrda yurtimizda o‘lchashlarni birxillashtirish talabiga ehtiyoj tug‘ilgan.

Shu o‘rinda metrologiya haqida so‘z ketganda uning umumiy tarixi haqida ham to‘xtalib o‘tish foydalidir. o‘lchashlarning aniqlik darajasini tarixi eramizdan avvalgi 300-200 yillarga to‘g‘ri keladi. Yerning radiusini o‘lchash birinchi marta Misrda matematik, astoronom, geograf olim Eratosfen Kirenskiy (er. av.276-194 y.) tomonidan amalga oshirilgan. Bu o‘lchov haqida chuqur to‘xtalib o‘tmasakda buyuk olim Eratosfen Aleksandriya va Siyen shaharlari oralig‘i taxminan 5000 stadion uzunligicha ekanligi aniqlab, shu asosda birinchi bo‘lib yerning kattaligini ham hisoblagan.
Avvallari o‘lchashlar ko‘proq insonnning muayyan a’zolariga mos holda ishlatilgan. Masalan: Ladon – bosh barmoqdan keyingi to‘rttasi kengligi, fut – oyoq tagining uzunligi, pyad – yozilgan bosh va ko‘rsatkich barmoqlar orasidagi masofa, qarich, quloq, qadam va boshqalardan iborat. Yana shunday turli qimmatbaho toshlarning o‘lchov birligi sifatida keng qo‘llanilgan “nuxotcha” ma’nosini anglatuvchi “karat”, “bug‘doy doni” ma’nosini bildiruvchi “gran” shular jumlasidandir. Dastlabki tabiiy o‘lchovlarning yana bir namoyondasi, hamma yerda ishlatiladigan vaqt o‘lchovlaridir. Qadimgi Vavilonda vaqt birligi sifatida yil, oy, soat tushunchalari ishlatilgan. Keyinchalik yerning o‘z o‘qi atrofida to‘la aylanishiga ketgan vaqtning 1/86400 qismi sekund nomini olgan. Qadimgi Vavilonliklar bizning eramizgacha bo‘lgan II asrdayoq vaqtni Minalarda o‘lchashgan. Mina taxminan ikki astronomik soat vaqt oraligiga teng bo‘lib, bu vaqt mobaynida Vavilonda rasm bo‘lgan suv soatidan massasi taxminan 500 grammga teng bo‘lgan “mina suv” oqib ketgan. Keyinchalik mina o‘zgarib, bugun foydalanayotganimiz minutga aylangan.
O‘lchashlarni takomillashtirish borasida yurtimizdan yetishib chiqqan olimlarning ham hissalari ulkandir. Ularning ming yillar burun yaratgani o‘lchash asboblari, o‘lchovlari va usullari o‘rta asrlardagi va hozirgi kunimizdagi ilm – fan taraqqiyotida munosib o‘rin egallab, yangi o‘lchash va o‘lchov birliklarini yaratilishida asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
Milodiy 8-9 asrlardan keyingi davrlar Markaziy Osiyoda ilm – fanni gurkirab rivojlanishi va bu borada erishilgan ulkan yutuqlar bilan ajralib
turadi. Ushbu ilm – fan, madaniy – ma’rifiy sohalardagi muvaffaqiyatlar g‘arbning qator fan sohalarining shakllanishida va rivojlanishida asos bo‘lib xizmat qilgan. Bunda ayniqsa Bag‘doddagi “Baytul hikma” (Donishmandlar uyi) ning buyuk olimlari Al Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Ibn Sino va Abu Rayhon Beruniylarning hissalari alohida e’tiborga loyiq.
Axmad Fargoniyning astronomik kuzatishlar uchun mo‘ljallangan o‘lchash asbobi – usturlob yasash va undan foydalanish bo‘yicha yozgan asarlari bir necha
yuz asrlar davomida ko‘plab astronomlar, munajjimlar uchun asosiy qurol bo‘lib xizmat qilgan.
O‘lchovlarni xalqaro qiymat birligini ta’minlash maqsadida 1875 yil 20-mayda Parijda xalqaro diplomatik konferensiya bo‘lib o‘tgan va “Metrik konvensiya” imzolangan va “Xalqaro o‘lchovlar va tarozilar Byurosi” tashkil etilib faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidentining “Tarozi va o‘lchovlar Bosh konferensiyasining assotsiatsiyalashgan a’zosi maqomini olishi to‘g‘risida”gi 2018 yil 12 apreldagi PQ–3663-son qaroriga muvofiq O‘zbekiston milliy metrologiya instituti tomonidan beriladigan milliy o‘lchash etalonlari hamda kalibrlash va o‘lchash sertifikatlarini o‘zaro tan olish to‘g‘risidagi Shartnomaga qo‘shilgan.
Yurtimiz metrologiyasi tarixiga qaytadigan bo‘lsak uning rivojlanish yillarini sanab o‘tish maqsadga muvofiq bo‘ladi.
1930 yilda sobiq O‘zbekiston SSR Xalq komissarlari kengashi qoshida Standartlashtirish qo‘mitasi tashkil qilindi va 1931 yilda O‘lchov va tarozilar Palatasi bilan birlashtirildi. Urushdan keyingi yillarda har bir viloyat markazida, ular ishini O‘zbekiston SSR Vazirlar kengashi qoshidagi O‘lchov va o‘lchash asboblari ishi bo‘yicha vakolatli qo‘mita boshqargan Davlat nazorat laboratoriyalari tashkil qilindi.

1966 yilga kelib Davlat nazorat laboratoriyalari standart va o‘lchash texnikasi ustidan davlat nazorat laboratoriyasiga o‘zgartirildi. Toshkent shahrida O‘zbekiston respublikasi standart va o‘lchash texnikasi ustidan davlat nazorat laboratoriyasi tashkil qilindi.
2017 yildan boshlab yurtimiz metrologiya sohasi yangi to‘lqin bilan rivojlanishni boshladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 28-apreldagi “O‘zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq mavjud “Milliy etalonlar markazi” davlat muassasasi, “Metrologiya xizmatlari ko‘rsatish markazi” davlat korxonasi va “Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish ilmiy-tadqiqot instituti” davlat muassasasining metrologik bo‘linmalari negizida “O‘zbekiston milliy metrologiya instituti” davlat korxonasi tashkil etildi.
Shundan so‘ng bu soha ham davlat talabi va rahnamoligi, soha xodimlarining jonkuyar harakatlari, izlanishlari, intiluvchanligi natijasida so‘nggi yillarda bir maromda va halqaro metrologiya hamjamiyatiga mos ravishda rivojlantirilib qonunchilik ham takomillashtirilmoqda.
1993 yil 28 dekabrida qabul qilingan “Metrologiya to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga Xalqaro qonunlashtiruvchi metrologiya tashkiloti (OIML) ning D1 tavsiyaviy hujjatiga asosan o‘zgartishlar kiritildi.
O‘zbekiston milliy metrologiya instituti milliy etalonlar bazasi so‘nggi 5 yilda 9 tadan 25 taga ko‘paytirilib, 16 ta hududiy filiallarda ham eng zamonaviy yuqori aniqlikdagi o‘lchash vositalari bilan jihozlangan laboratoriyalar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Institutning bugungi faoliyatida BIPM – Xalqaro tarozi va o‘lchovlar byurosi, OIML –Qonunchilik metrologiyasi xalqaro tashkiloti, KOOMET – Yevro-Osiyo mintaqasi davlat metrologiya muassasalari hamkorligi, MGS – Mustaqil davlatlar hamdo‘stligining standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish bo‘yicha davlatlararo Kengashi kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan yaqin aloqa o‘rnatib teng hamkorlik ishlarini olib bormoqda.

Bugungi kunda xizmatlar eksporti yo‘lga qo‘yilib Ozarbayjon milliy metrologiya institutining 6 ta yuqori aniqlikdagi uskunalari kalibrlandi hamda Tojikiston Respublikasi “Tojikstandart” agentligining 4 nafar xodimlari institutda malaka oshirishdi. Xalqaro metrologik idoralar tomonidan o‘tkazilgan baholash auditi davomida ijobiy xulosa olindi.

Institutda amalga oshirilayotgan so‘nggi yillardagi ishlar shu zaylda o‘z salmog‘i bilan ham yaqin tarixga muhrlanib bormoqda.

 

nim.uz

Источник: 
Информационно- библиотечный центр