"Xotira yoʻlagi" koʻrgazmasi haqida

Joriy yilning 18-yanvar kunida Oʻzbekiston Tasviriy sanʼat galereyasida Turkistondagi jadidchilik harakatiga bagʻishlangan keng koʻlamli "Xotira yoʻlagi" koʻrgazmasi ochildi.

 

Koʻrgazma Milliy mass-mediani qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatagʻon qurbonlari xotirasi davlat muzeyi, Fanlar akademiyasi Tarix instituti va Oʻzbekiston Tasviriy sanʼat galereyasi hamkorligida tashkil etildi.

   
Koʻrgazma, XIX asrning oxiri va XX asr boshlaridagi Turkiston tarixiga, ayniqsa, jadid-maʼrifatparvarlarining taʼlim islohotlari, jamiyat taraqqiyotiga qaratilgan fikrlari va huquqiy demokratik davlat qurish harakatlariga bagʻishlangan materiallar bilan tanishib chiqish imkoniyatini taqdim etadi. Jadidchilik harakatining turli qirralarini oʻrganishni oʻz ichiga olgan “Xotira yoʻlagi”koʻrgazmasi jadidlarga tegishli rasmiy hujjatlarni, ularning fotosuratlari va shaxsiy buyumlarini namoyish etib, jadidlar milliy oʻzlik, mustaqillik va davlatchilik gʻoyalari shakllanishidagi muhim ahamiyatini koʻrsatib beradi.

   
Shuningdek, koʻrgazmada Turkistonda jadidchilik harakatining paydo boʻlishiga sabab boʻlgan omillarga katta eʼtibor qaratilgan. Bundan tashqari, oʻsha davrning ijtimoiy-iqtisodiy holati, yangi uslubdagi maktablar tashkil etilishi va ularning rivojlanishi, teatr sanʼati, oʻsha davrning matbuot faoliyati, gender tenglik masalalari va jadid-maʼrifatparvarlarning boshqa muhim faoliyat jihatlari haqidagi alohida boʻlimlar ham oʻrin olgan.

   
“Xotira yoʻlagi” koʻrgazmasi Oʻzbekiston tarixini yanada chuqurroq oʻrganish imkoniyatini taqdim etish bilan bir qatorda, oʻtmish bilan yaqindan tanishish va oʻsha davrning ruhini his qilib, hozirgi zamon bilan qiyoslash imkonini beradi.

   
Koʻrgazma, shuningdek, bizning boy tarixiy merosimizni saqlash va uni kengroq ommalashtirishga qaratilgan.

Koʻrgazma Oʻzbekiston Tasviriy sanʼat galereyasida 18-yanvardan 18-fevralgacha davom etadi.

 

nbu.uz

Источник: 
Информационно- библиотечный центр