13/03/2026 - 16:07
2026-yil 13-mart kuni Mirzo Ulug‘bek tuman axborot-kutubxona markaziga 142-sonli umumta’lim maktabining 5-sinf o‘quvchilari tashrif buyurishdi. Tashrif davomida o‘quvchilar uchun kutubxona bo‘ylab qiziqarli ekskursiya tashkil etildi.
 

 
Ekskursiya jarayonida o‘quvchilarga kutubxonaning bo‘limlari, kitob fondi, zamonaviy axborot xizmatlari hamda kitoblardan to‘g‘ri foydalanish qoidalari haqida batafsil ma’lumot berildi. Bolalar turli janrdagi kitoblar bilan tanishib, o‘zlarini qiziqtirgan adabiyotlarni ko‘zdan kechirishdi.
 
Shuningdek, kutubxonaning o‘quv zallari va bolalar uchun yaratilgan qulay sharoitlar o‘quvchilarda katta taassurot qoldirdi. Tashrif davomida kitob o‘qishning ahamiyati, bilim olishda kitobning o‘rni haqida suhbatlar ham o‘tkazildi.
 
Mazkur ekskursiya o‘quvchilarning kitobga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirishga, ularni kutubxona bilan yaqindan tanishtirishga xizmat qildi.
10/03/2026 - 16:06
Joriy yilning 10-mart kuni Mirzo Ulugʻbek tuman axborot-kutubxona markazi mutaxassislari tomonidan “Ayollar huquqlari – taraqqiyot asosi” nomli kitob koʻrgazmasi tashkil etildi.
 

 
Mazkur kitob koʻrgazmada ayollarning jamiyatdagi oʻrni, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, gender tengligi hamda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy hayotdagi faolligini yoritib beruvchi adabiyotlar keng oʻrin oldi. 
 
Koʻrgazmadan oʻrin olgan kitob va nashrlar kitobxonlarda ayollar huquqlariga hurmat ruhini shakllantirish, ularning jamiyat taraqqiyotidagi muhim oʻrnini anglashga xizmat qiladi.
 
Ushbu koʻrgazmaga qiziqgan barcha kitobxon va foydalanuvchilarni Mirzo Ulugʻbek tuman AKM da kutamiz!
06/03/2026 - 16:04
Joriy yilning 6-mart kuni Mirzo Ulugʻbek tuman axborot-kutubxona markazida “Ayollarni e’zozlash” oyligi va 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan “Ayol – nafosat va latofat namunasi” nomli tadbir doirasida axborot-bibliografiya xizmati mutaxassisi Murtazayeva Zarina tomonidan tashkil etilgan kitob koʻrgazmasiga bibliografik sharh taqdim etildi.
 
Sharh davomida mutaxassis koʻrgazmaga qoʻyilgan adabiyotlarning mazmun-mohiyati, ularning tarbiyaviy ahamiyati hamda ayollar siymosi, ularning jamiyatdagi oʻrni va fazilatlarini yoritib beruvchi asarlar haqida batafsil maʼlumot berdi. Tadbir ishtirokchilari kitoblar bilan yaqindan tanishib, oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.
 
Mazkur bibliografik sharh kitobxonlarda adabiyotga boʻlgan qiziqishni oshirish bilan birga, ayol siymosining ulugʻlanishiga bagʻishlangan asarlarni keng targʻib qilishga xizmat qildi.
06/03/2026 - 15:54
Joriy yilning 6-mart kuni Mirzo Ulugʻbek tuman axborot-kutubxona markazi mutaxassislari tomonidan “Ayollarni e’zozlash” oyligi va 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan “Ayol – nafosat va latofat namunasi” nomli tadbir tashkil qilindi.
 

 
Tadbirda “Lashkarbegi” MFY “Nuroniylar” kengashi raisi Zulfiya Rasuliy, shuningdek, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, Doʻstlik ordeni va Oltin qalam sohibasi, shoira Abdusamatova Muqaddas Salixovna tashrif buyurib, ishtirokchilarni qiziqtirgan so‘zlari, hayotiy tajribalari va mehr-muruvvatlari bilan tadbirga alohida rang bag‘ishlashdi.
 
Tadbir davomida ayollar qadri, nafosat va latofatlari haqida so‘z yuritilib, ishtirokchilarga iliq ehtirom va samimiy tilaklar bildirildi. Shu bilan birga, kutubxona xodimlari tomonidan tayyorlangan adabiy-musiqali dastur va madaniy chiqishlar mehmonlarga unutilmas taassurot qoldirdi.
 
Tadbir yakunida mehmonlarga bayram munosabati bilan sovgʻalar topshirildi.
05/03/2026 - 16:35
Joriy yilning 5-mart kuni Mirzo Ulugʻbek tuman axborot-kutubxona markaziga Chirchiq shahrida joylashgan “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Maxsus Operatsiyalar Kuchlari 27110” harbiy qism komandirining “Tarbiyaviy va mafkuraviy ishlari” boʻyicha oʻrinbosari, podpolkovnik Azimov Muxammad Mirzaahmadovich tashrif buyurdi.
 

 
Tashrif davomida mehmon kutubxona faoliyati, kitob fondi hamda kitobxonlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Suhbat jarayonida kelgusida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, harbiy qism kutubxonachisini ish tajribasini oʻrganish maqsadida axborot-kutubxona markaziga yuborish hamda harbiylar ishtirokida maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, uchrashuvlar va kitobxonlikni targʻib qiluvchi loyihalarni birgalikda tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
 
Shuningdek, tashrif davomida podpolkovnik Azimov Muxammad Mirzaahmadovich kutubxonaga aʼzo boʻlib, kitobxonlar safini boyitdi.
05/03/2026 - 16:33
 Joriy yilning 5-mart kuni Mirzo Ulugʻbek tuman axborot-kutubxona markazi mutaxassislari “Bilitz” nemis tili o‘quv markaziga tashrif buyurib, kutubxona targ‘ibotiga bag‘ishlangan uchrashuv tashkil etildi.
 

 
Tashrif davomida markaz tinglovchilariga axborot-kutubxona markazining faoliyati, kitob fondi hamda foydalanuvchilar uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, nemis tili va Germaniya madaniyatiga oid adabiyotlar haqida ham tanishtirilib, ularning mazmuni va ahamiyati haqida so‘z yuritildi.
 
Tashrif  yakunida kelgusida ham yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish, turli uchrashuvlar va ma’rifiy tadbirlarni hamkorlikda tashkil etish bo‘yicha fikr almashildi.
04/03/2026 - 16:30
 Joriy yilning 4-mart kuni Mirzo Ulugʻbek tuman axborot-kutubxona markazi mutaxassislari tomonidan “2026 yil — Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” munosabati bilan tashkil etilgan kitob ko‘rgazmasining bibliografik sharhi o‘tkazildi.

 
 Bibliografik sharh davomida mahalla hayoti, jamiyat taraqqiyoti, ma’naviy yuksalish hamda shaxs kamolotiga bag‘ishlangan adabiyotlar haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
03/03/2026 - 15:58
2026-yil 2-mart kuni 211-umumta’lim maktabida O‘zbekiston xalq shoira­si Zulfiyaxonim tavalludiga bag‘ishlangan “Zulfiya - qalblar kuychisi” nomli adabiy-musiqiy kecha tashkil etildi.
 

 
Tadbir davomida 4–5-sinf o‘quvchilari shoira she’rlarini samimiy ilhom va hayajon bilan o‘qib berdilar, uning hayoti hamda ijodiy yo‘li haqida so‘zlab berdilar. Har bir chiqish ta’sirchan va jonli yangrab, she’riy merosga hurmat hamda ona tiliga muhabbat ruhini yaratdi.
 
Kechaning ahamiyatini Rus madaniyat markazi hamda Mirzo Ulugʻbek tuman axborot-kutubxona markazi vakillarining ishtiroki yanada oshirdi. Uchrashuv she’riyat, xotira va ma’naviy birdamlikning chinakam bayramiga aylandi.
02/03/2026 - 16:49
 Joriy yilning 2-mart kuni Mirzo Ulug‘bek tuman axborot-kutubxona markazida Oʻzbekiston Davlat san’at va Madaniyat Institutining “Kutubxona axborot faoliyati” fakulteti 4-bosqich talabalari malaka oshirish o‘quv amaliyoti doirasida o‘z faoliyatlarini davom ettirmoqdalar.

 
 
 Amaliyot jarayonida talabalar tomonidan “Tanishing: yangi adabiyotlar” nomli kitob ko‘rgazmasi qayta tashkil etildi. Ko‘rgazmaga kelib tushgan yangi adabiyotlar mazmuniga ko‘ra sohalar bo‘yicha saralanib, tartibli ravishda joylashtirildi.
 
 Jumladan, adabiyotlar badiiy, ilmiy-ommabop, ijtimoiy-siyosiy hamda boshqa yo‘nalishlarga ajratilib, o‘quvchilar uchun qulay va tizimli shaklda taqdim etildi. Bu esa kitobxonlarga kerakli manbani tez va oson topish imkoniyatini yaratadi.
 
 Ko‘rgazma orqali yangi kelgan adabiyotlar bilan yaqindan tanishish, ularning mazmun-mohiyati haqida ma’lumot olish imkoniyati yaratildi.
02/03/2026 - 16:47
 2026-yil 2-mart kuni Mirzo Ulugʻbek tuman axborot-kutubxona markazi mutaxassislari tomonidan “Zulfiya – nafosat va sadoqat kuychisi” mavzusida adabiy-badiiy tadbir hamda kitob ko‘rgazmasining bibliografik sharhi o‘tkazildi.

 
 Bibliografik sharh davomida o‘zbek adabiyotining yorqin vakili Zulfiya ijodi, uning she’riyatida aks etgan yuksak insoniy fazilatlar – nafosat, sadoqat, vatanparvarlik va ayol qalbining nozik kechinmalari alohida ta’kidlandi. Shoiraning hayoti va ijodi yosh avlod uchun ibrat maktabi ekani haqida fikrlar bildirildi.
 
 Kitob ko‘rgazmasining bibliografik sharhi jarayonida Zulfiya qalamiga mansub asarlar, u haqda yozilgan ilmiy-adabiy manbalar, xotira kitoblari hamda maqolalar yuzasidan batafsil ma’lumotlar berildi. Ishtirokchilar tavsiya etilgan adabiyotlar bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Pages

Subscribe to Новости